1922-yilda Buxoro Xalq Jumhuriyati qarori bilan Buxoro va Chorjo`yda xalq maorifi instituti ochildi. Bu – zamonaviy oliy o`quv yurti tashkil etish yo`lidagi dastlabki harakat edi. F.Xo`jayev va A.Fitrat shu institut negizida dorilfunun tashkil etish g’oyasi bilan chiqdilar, ammo BXJning tugatilishi bilan bu g’oya amalga oshmay qoldi. 1930-yilga kelib esa Buxoro pedagogika instituti ochildi. Dastlab uning kimyo-biologiya va tarix-ijtimoiyot singari ikki bo`limida 45 talaba tahsil olgan. 1935-yilda esa BuxDPI tarkibida 2 yillik o`qituvchilar instituti hamda 5 bo`lim faoliyat ko`rsatdi, keyinchalik bu bo`limlar fakultetlarga aylantirildi. Institutning oyoqqa turishida A.Fitrat, Miyonbuzruk Solihov, Muso Saidjonov, B.Cho`ponzoda, I.Kojin, F.Trudakov, P.Korolenko, N.Merkulovich, V.Abdullayev, G.Yusupov kabi olimlarning xizmatlari katta bo`ldi. Ikkinchi jahon urushi yillarida bir qator o`qituvchilar va 47 talaba ko`ngillilar qatorida urushga ketdi. Bu murakkab davrda talabalarni o`qishga ko`proq jalb etish maqsadida Qarshi, G’ijduvon va Shofirkonda filiallar ochildi. Hozirgi paytda mustaqil O`zbekistonning etakchi oliy o`quv yurtlari darjasiga ko`tarilgan Xorazm, Qarshi va Termiz davlat universitetlari ilk bor filial sifatida BuxPI tarkibida ish boshlagan edi.