Эркин Воҳидов Шеърлар. Шоирнинг ўзи ўқиган / Erkin Vohidov She'rlar. Shoirning o‘zi o‘qigan.
Erkin Vohidov (1936-yil 28-dekabr, Oltiariq tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR – 2016-yil 30-may, Toshkent, Oʻzbekiston) – taniqli oʻzbek shoiri, dramaturgi, adabiy tarjimoni va davlat arbobi. Vohidov oʻz sheʼrlarini yozish bilan bir qatorda taniqli xorij ijodkorlari, jumladan, Aleksandr Tvardovskiy, Johann Wolfgang von Goethe, Muhammad Iqbol, Rasul Hamzatov hamda Sergey Yesenin asarlarini yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ayniqsa, shoirning Yesenin asarlaridan hamda Goethening „Faust“ asarini qilgan tarjimalari eʼtiborga loyiqdir.
Vohidov 1983-yil Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1987-yil Oʻzbekiston xalq shoiri unvonini olgan. 1995-yilda "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlangan[2]. 1999-yilda esa oliy darajadagi Oʻzbekiston Qahramoni mukofotiga sazovor boʻlgan.
Vohidovning sheʼrlari oʻzbeklar orasida yaxshi tanilgan va tez-tez toʻplamlarda chop etiladi. Shoirning bir necha sheʼriga kuy bastalangan, jumladan, Sherali Joʻrayev tomonidan. 2020-yilning oktyabrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilganligining 75 yilligi munosabati bilan Vohidovning „Inson“ sheʼri asosida yozilgan „Human“ (Inson) ashulasi arab, ingliz, italyan, qozoq, rus, tojik, turk va oʻzbek tillarida taqdim etildi.
Vohidov 1960-yildan 1963-yilgacha „Yosh gvardiya“ jurnali muharriri oʻlaroq ishlagan. 1975—1982-yillarda jurnalning bosh muharriri lavozimida ishlagan. 1963—1970-yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti bosh muharriri, 1985—1987-yillarda esa direktori boʻlib ishlagan. 1982—1985-yillarda „Yoshlik“ oylik jurnali bosh muharriri lavozimida ishlagan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Oʻzbekiston Oliy Majlisi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi (1995—2005) hamda Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi (2005—2009) lavozimlarida ishlagan.
Vohidov oʻquvchilik yillarida sheʼr yoza boshlagan. Ilk sheʼri 14 yoshida „Mushtum“ jurnalida chop etilgan.[7] Shoirning ilk sheʼriy toʻplami „Tong nafasi“ kitobi boʻlib, u 1961-yil bosilib chiqqan. 1987-yil „Shoiru, sheʼru shuur“ nomli asari nashr qilingan. Vohidov uch pyesa ham yozgan. Bular „Oltin devor“, „Istanbul fojiasi“ hamda „Ikkinchi tumor“ pyesalaridir. „Oltin devor“ komediyasi Pokistonning Lohur shahri teatrida qoʻyilgan.